Har seshanba sun'iy intellekt kuni munosabati bilan “OneID va my.gov.uz platformalaridan foydalanish” mavzusida Markazda seminar tashkillashtirildi
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida 2026-yil 6-yanvar kuni A. Turdiyev raisligida o‘tkazilgan majlis qarorining 4-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan viloyat pedagogik mahorat markazida 2026-yil 24-fevral kuni seminar-trening tashkil etildi. Mazkur tadbir Metodik xizmat ko’rsatish bo‘limi Informatika va AT fani metodisti tomonidan barcha kafedra professor-o‘qituvchilari hamda barcha bo’lim xodimlari uchun “OneID va my.gov.uz platformalaridan foydalanish” mavzusida o‘tkazildi. Ushbu seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad pedagog xodimlarning raqamli savodxonligini oshirish, elektron davlat xizmatlaridan mustaqil va samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlarini keng targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi. Seminar davomida ishtirokchilarga OneID yagona identifikatsiya tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tish, shaxsni tasdiqlash jarayonlari, login va parol yaratish, shaxsiy kabinetdan foydalanish hamda xavfsizlik qoidalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Amaliy ko‘rsatmalar asosida tinglovchilar OneID tizimiga kirish va undan foydalanish bosqichlarini bevosita kuzatdilar. Shuningdek, my.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali imkoniyatlari keng yoritildi. Seminar jarayonida ishtirokchilar quyidagi xizmatlar bo‘yicha amaliy tushunchalarga ega bo‘ldilar: • bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun onlayn ariza topshirish tartibi; • avtotransport vositalariga ishonchnoma berish bo‘yicha elektron ariza yuborish jarayoni; • turli ma’lumotnomalar olish, murojaat yuborish va arizalar holatini kuzatib borish imkoniyatlari; • davlat xizmatlaridan foydalanishda elektron to‘lov tizimlaridan foydalanish tartibi. Amaliy mashg‘ulot davomida ishtirokchilar bolani maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish bo‘yicha ariza shaklini to‘ldirish, zarur ma’lumotlarni kiritish hamda ariza holatini kuzatish jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, avtotransport vositasiga ishonchnoma rasmiylashtirish xizmatining bosqichlari, ariza yuborish va tasdiqlash tartibi batafsil ko‘rib chiqildi. Seminar interaktiv ruhda tashkil etilib, tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Platformalarning qulayligi, shaffofligi, ortiqcha vaqt va hujjatbozlikni kamaytirishi alohida ta’kidlandi. Tadbir yakunida ishtirokchilar elektron davlat xizmatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha zarur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar hamda o‘z faoliyatida raqamli xizmatlardan keng foydalanish bo‘yicha tavsiyalar oldilar.