ILM VA INNOVATSIYA UYG'UNLIGI

Yangiliklar

Joriy yilning 17-noyabr kuni Namangan viloyati pedagogik mahorat markazida matematika va fizika fani o‘qituvchilari uchun ilmiy faoliyatning eng muhim jihatlariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti Namangan bo'linmasi mudiri, DSc, professor Muzaffar Raxmatullayev va yetakchi ilmiy xodim, DSc, professor Rustamjon Hakimovlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvning markaziy mavzusi "Hozirgi kunda respublikamizda matematika sohasida ilmiy faoliyat olib borayotgan olimlar va ularning erishgan yutuqlari"ga bag'ishlandi. Fan va ta'lim sohasidagi so'nggi o'zgarishlar, matematika bo'yicha zamonaviy tadqiqotlar va metodik yangiliklar keng muhokama qilindi.

Professor Raxmatullayev o‘z nutqida o‘zbek matematiklarning jahon miqyosidagi ilmiy yutuqlarini faxr bilan ta'kidlab, yangi metodikalar, ilmiy loyihalar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tadqiqotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Professor Hakimov esa o‘qituvchilarga matematika fanini o'qitishda pedagogik uslubiyatdagi innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni samarali qo‘llash bo‘yicha muhim amaliy maslahatlar berdi.

Tinglovchilar olimlarning ma'ruzalariga katta qiziqish bildirishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va ta'lim oldida turgan yangi vazifalar yuzasidan fikr almashdilar.