Namangan viloyati PMMda ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, fidoyiligi hamda yuksak pedagogik mahorati bilan jamoamiz hurmatini qozongan katta o‘qituvchisi Jumabayev Abdulxamid To'xtanazarovichni sharafli nafaqaga kuzatish munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida ustozning ko‘p yillik samarali mehnat faoliyati, ta’lim tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi, pedagoglar malakasini oshirish yo‘lidagi xizmatlari hamda yosh avlodga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni yetkazish borasidagi fidokorona faoliyati alohida e’tirof etildi.
Abdulxamid Jumabayev o‘z faoliyati davomida zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalarni ta’lim jarayoniga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratib, STEAM ta’limi, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalari, interaktiv ta’lim platformalari hamda raqamli kontent yaratish yo‘nalishlarida pedagoglarga ilg‘or tajribalarni yetkazib keldi. Shuningdek, viloyatning turli hududlarida tashkil etilgan sayyor o‘quvlar, seminar va mahorat darslarida faol ishtirok etib, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi.
Ustozning samarali faoliyati nafaqat auditoriyadagi mashg‘ulotlar, balki ilmiy-uslubiy yo‘nalishda ham o‘z aksini topgan. Uning sun’iy intellekt, ta’limni raqamlashtirish, STEAM texnologiyalari, dasturlash va XXI asr ko‘nikmalariga bag‘ishlangan qator o‘quv-uslubiy ishlari pedagoglar uchun muhim metodik manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati munosib e’tirof etilib, ustoz “Mustaqillikning 35 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Tantanali tadbirda Markaz rahbariyati, hamkasblar va shogirdlar Abdulxamid Jumabayevga ko‘p yillik halol mehnati, samimiyligi, talabchanligi va ustozlik maktabi uchun chuqur minnatdorlik bildirdilar. Ustoz bilan bog‘liq unutilmas xotiralar yodga olinib, samimiy tilaklar va ehtirom so‘zlari yangradi.
Hurmatli Abdulxamid domla!
Sizning yillar davomida ta’lim va ma’rifat yo‘lida qilgan xizmatlaringiz, bergan bilimlaringiz va tarbiyalagan shogirdlaringiz Markazimiz tarixida munosib o‘rin egallaydi. Siz yoqqan ilm va ma’rifat mash’ali shogirdlaringiz qalbi hamda faoliyatida uzoq yillar davomida porlab turadi.
Namangan viloyati Pedagogik mahorat markazi jamoasi Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq va barakali umr, oilaviy xotirjamlik, farzand va nabiralar kamolini ko‘rib yurish baxtini tilaydi.
Sharafli nafaqangiz muborak bo‘lsin, aziz Ustoz!
Ko‘p yillik fidokorona mehnatingiz uchun tashakkur!